«Yangi bank» omonatchilariga 3 soatda 106 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lab berildi

eʼlon qilindi
«Biznesni rivojlantirish banki» orqali
Pul
Foto: tatiantmarie / depositphotos.com

29-yanvar kuni, soat 16:30 holatiga ko‘ra, «Biznesni rivojlantirish banki» orqali «Yangi bank» omonatchilariga 106 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berildi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lum qildi.

Agentlikning bildirishicha, har bir omonatchiga kompensatsiya mablag‘larini to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash uchun zarur bo‘lgan barcha moliyaviy resurslar agent-bankka oldindan o‘tkazilgan. Hozirda agent-bankda mablag‘ yetishmovchiligi bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emas.

Omonatchilardan asossiz xavotirga tushmaslik, kompensatsiya mablag‘larini o‘zlariga qulay vaqtda olishlari mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, «BRB» mobil ilovasida foydalanuvchilar sonining keskin oshgani sababli ilovani yuklab olishda ayrim texnik qiyinchiliklar kuzatilayotgani qayd etildi. Ushbu muammolar vaqtinchalik bo‘lib, ilovaning 24/7 rejimida barqaror ishlashini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Agar «BRB» mobil ilovasida texnik nosozliklar yuzaga kelsa, omonatchilar 78-150-76-76 raqamiga murojaat qilishlari mumkin.

«Yangi bank» tugatilishi haqida

Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagani sabab qabul qilingan.

Xususan, bankning ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talab darajasiga yetkazilmagan. Amaldagi talablarga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘m bo‘lishi lozim edi. Biroq 2026-yil 1-yanvar holatiga «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Markaziy bank tomonidan bir necha bor yozma ogohlantirishlar berilganiga qaramay, bu borada yetarli choralar ko‘rilmagan.

Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda «Yangi bank» AJ tugatilishi jarayoni, omonatlar va kreditlar taqdiri bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi. Agentlik rahbari Ulug‘bek Hamdamovning aytishicha, jarayon to‘liq qonunchilik asosida, bosqichma-bosqich va shaffof tarzda olib boriladi.

Ma’lum qilinishicha, bank bo‘yicha kafolatlash hodisasi 15-yanvar sanasi bilan rasmiylashtirilgan. Hozirda bankda 32 mingdan ortiq omonatchilar mavjud bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning 32 153 nafari davlat tomonidan kafolatlangan omonatlar toifasiga kiradi. Ushbu omonatlar bo‘yicha 240 milliard so‘m mablag‘ Omonatlarni kafolatlash fondi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek