Yangiliklar

Yangi Mercedes-Benz S-Class, limiti oshadigan ipoteka, Islom Karimov tavalludi — 30-yanvar yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 30-yanvar kuni xorijda va respublikada yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi
Прогноз погоды на 28 декабря
Foto: Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 30-yanvar kuni xorijda va respublikada yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.

O‘zbekiston va Turkiya qanday bitimlarni imzoladi

Узбекистан и Турция
Foto: Prezident matbuot xizmati

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjatlar imzolanishi bilan yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qo‘shma bayonot hamda keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar.

«Yangi bank» omonatchilariga 3 soatda 106 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lab berildi

Pul
Foto: tatiantmarie / depositphotos.com

29-yanvar kuni, soat 16:30 holatiga ko‘ra, «Biznesni rivojlantirish banki» orqali «Yangi bank» omonatchilariga 106 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berildi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lum qildi.

Agentlikning bildirishicha, har bir omonatchiga kompensatsiya mablag‘larini to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash uchun zarur bo‘lgan barcha moliyaviy resurslar agent-bankka oldindan o‘tkazilgan. Hozirda agent-bankda mablag‘ yetishmovchiligi bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emas.

Fevralda qanday ob-havo bo‘ladi

Foto: Kursiv Uzbekistan/ Asadbek Komilov

Fevral oyida o‘rtacha harorat yanvarga nisbatan biroz yuqori bo‘lishi, ayrim kunlarda bahoriy iliq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.

Fevral oyining birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi, respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin kechalari 5-10 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 13-18 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Har o‘n kunlikda ayrim kunlarda 2-3 kundan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.

Endi Chevrolet xaridorlari o‘z avtomobili qismlarini yig‘ishda ishtirok etishi mumkin

Chevrolet avtosalonlari
Foto: GMAutority

General Motors 2026-yildan boshlab Chevrolet Corvette xaridorlari uchun noodatiy imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda bo‘lajak egalarga o‘z avtomobilining dvigatelini ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashish taklif etiladi. Bu haqda Autoevolution nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Build Your Own Engine («Dvigatelingni o‘zing yig‘») nomli ushbu opsiya dastlab eng qudratli 1250 ot kuchiga ega Chevrolet Corvette ZR1X modelini buyurtma qilgan mijozlar uchun joriy etiladi. Xaridorlar Kentukki shtatidagi Bouling-Grin shahrida joylashgan Corvette zavodiga tashrif buyurib, mutaxassis-motoristlar nazorati ostida o‘z avtomobilining dvigatelini yig‘ishda qatnashadi.

«Tashabbusli budjet»ning 2026-yilgi 1-mavsumida ishtirok etmaydigan mahallalar ma’lum qilindi

Foto: Facebook.com

«Тashabbusli budjet» jarayonida ketma-ket ikki mavsum g‘olib bo‘lgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritish cheklovi joriy etilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, avvalgi mavsumlarda ketma-ket g‘olib bo‘lgan va 2026-yil 1-mavsumda loyiha kiritish imkoniyati cheklangan mahallalar ro‘yxati shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat bilan tuman va shaharlar kesimida openbudget.uz havolasi orqali tanishish mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, 23 ta tuman (shahar)da mahallalar soni 15 ta va undan kam bo‘lgani uchun bu hududlardagi mahallalarga tanaffus qo‘llanmagan.

Shu bilan birga, cheklov qo‘llangan mahallalar sherikchilik asosida loyihalarni ilgari surish imkoniyatiga ega.

Yangi avlod Mercedes-Benz S-Class modeli taqdim etildi — foto

Mercedes-Benz S-Class
Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz biznes-klass ramzi hisoblangan Mercedes-Benz S-Class modelining yangi avlodini rasman namoyish etdi. Bu haqda Motor1 portali ma’lum qildi.

Yangi S-Class savdosi 2027-yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Tashqi dizayn 2020-yilda taqdim etilgan model bilan umumiy proporsiyalarni saqlab qolgan. Shu bilan birga, avtomobil old qismi qayta ishlangan. Kattaroq radiator panjarasi, keskinroq bamper chiziqlari va vertikal lamellarga joylashtirilgan uch nurlik yulduzlar asosiy yangiliklar sirasiga kiradi. Orqa chiroqlar yangi E-Class uslubida bajarilgan. Har bir fonarda uchta yulduzsimon yorug‘lik elementi mavjud bo‘lib, ular bagaj qopqog‘idagi xrom chiziq bilan bog‘langan. Dizaynni 19 dyuymli ko‘p spitsa disklar to‘ldiradi.

Qirg‘iziston O‘zbekistondan sug‘urta va «tonirovka» to‘lovlarini bekor qilishni so‘radi

Foto: Freepik

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hududi orqali harakatlanayotgan qirg‘izistonliklardan avtomobil sug‘urtasi va oynalarni qoraytirish uchun to‘lov undirish qoidalarini bekor qilish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi.

Deputatlarning savollariga javob berar ekan, u hozirda bu masala hal qilinayotganini ta’kidladi.

«Qirg‘izistonning bir hududidan boshqasiga o‘tishda, ayniqsa, mamlakat janubida, O‘zbekiston orqali tranzit harakat qilinganda muammolar yuzaga kelmoqda. Haydovchilarimizdan sug‘urta sotib olish talab qilinadi. Avtomobil oynalari qoraytirilgan bo‘lsa, buning uchun alohida to‘lov ham so‘raladi. Biz tomondan bunday talablar yo‘q. Shu bois qo‘shni tomondan bu talablarni bekor qilish masalasini ko‘tarishni taklif etamiz», – deydi deputat Doston Bekeshev.

Prezident Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Marosim davomida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Birinchi prezidentning vatan manfaatlari yo‘lidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olindi.

480 mln so‘mgacha: 2026-yilda ipoteka kreditlari limiti oshirilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar
Foto: depositphotos

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2026-yilda ipoteka kreditlari hajmini oshirish rejalashtirilmoqda. Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Dastur doirasida jami 23 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratiladi. Shundan 12,2 trln so‘m Davlat budjeti hisobidan, 7,8 trln so‘m tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan, 3 trln so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan yo‘naltiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, bitta kvartira uchun beriladigan ipoteka krediti miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln so‘mgacha yetkaziladi. Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.