
Shveytsariyaning Nyon shahrida Yevropa Chempionlar Ligasining hal qiluvchi bosqichlari uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 1/8 final yo‘llanmasi uchun kurashadigan juftliklar hamda musobaqaning keyingi bosqichidagi potensial raqiblar nomi ma’lum bo‘ldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, 1/8 finalga chiqish uchun o‘tkaziladigan o‘tish o‘yinlarida bir qator markaziy to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Xususan, Fransiya ichki chempionatidagi raqiblar «Monako» va «PSJ» endi xalqaro maydonda o‘zaro bahs olib boradi.

Musobaqaning eng titulli jamoasi «Real Madrid» Portugaliyaning «Benfika» klubiga qarshi maydonga tushsa, Italiyaning «Yuventus» klubi Istanbulda «Galatasaroy» bilan kuch sinashadi. Hujumkor o‘yin uslubi bilan tanilgan «Borussiya Dortmund» va «Atalanta» jamoalari ham o‘zaro raqib bo‘ldi.
O‘tish bosqichidagi boshqa juftliklar quyidagicha ko‘rinish oldi. Ozarbayjonning «Qorabog‘» klubi Angliyaning «Nyukasl Yunayted» jamoasi bilan, Belgiyaning «Bryugge» klubi Ispaniyaning «Atletiko Madrid» jamoasi bilan to‘qnash keladi. Shuningdek, «Bodo Glimt» — «Inter» hamda «Olimpiakos» — «Bayer Leverkuzen» bahslari o‘tkaziladi.

Musobaqa setkasiga ko‘ra, ushbu bosqich g‘oliblarini 1/8 finalda jiddiy sinovlar kutib turibdi. Agar taxminiy ssenariylar amalga oshsa, «Barselona» va «PSJ» o‘rtasida hamda «Manchester Siti» va «Real Madrid» o‘rtasida o‘yinlar bo‘lib o‘tishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chempionlar ligasi doirasida «Arsenal» «Inter» ustidan ishonchli g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.