
Turkiya Superligasining 20-turi doirasida «Istanbul Bashakshehir» o‘z maydonida «Rizespor» klubini qabul qildi. Gollarga boy kechgan va O‘zbekiston milliy jamoasi yetakchilari ishtirok etgan uchrashuvda 2:2 hisobidagi jangovar durang qayd etildi.
«Istanbul Bashakshehir» safida o‘zbekistonlik futbolchilar Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashdi. O‘yinning 19-daqiqasida Eldor Shomurodov jamoadoshi Operining uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Bu hujumchimiz uchun joriy mavsumdagi 14-gol bo‘ldi va u chempionat to‘purarlari qatoridagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
Uchrashuv ssenariysi dramatik tus oldi. Birinchi bo‘lim yakunida mehmonlar Shahinning goli evaziga hisobni tenglashtirishdi. Ikkinchi bo‘limda Valentin Mixayla «Rizespor»ni oldinga olib chiqdi. Biroq mezbonlar taslim bo‘lishmadi 74-daqiqada Bertug Yildirim muvozanatni tiklab, o‘yinning yakuniy hisobini o‘rnatdi.

Sofascore portali Shomurodovning ushbu o‘yindagi faol harakatlarini yuqori baholab, unga 7,3 ball qo‘ydi. Jamoaning yana bir o‘zbekistonlik legioneri Abbosbek Fayzullayev ham maydonda faol harakat qildi va 63-daqiqada zaxiraga olindi. Portal uning o‘yinini 6,7 ballga loyiq ko‘rdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov va Timur Kapadze 2025-yilning eng yaxshilari deb topilgani haqida xabar bergan edi.