
Janubiy Koreyaning Shimoliy Chungchong provinsiyasida joylashgan maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavodda kuchli yong‘in yuz berdi. Binodan evakuatsiya qilinganlar ro‘yxatida ikki nafar xodim O‘zbekiston va Nepal fuqarolari mavjud emas.
Hodisa 30-yanvar kuni Eumseong-gun hududidagi zavodda boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, korxona nam salfetkalar va tagliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, u yerda xavfli kimyoviy moddalar saqlanmagan.
Yong‘in boshlangach, zavodda bo‘lgan 83 nafar xodimdan 81 nafari xavfsiz joyga olib chiqilgan. Biroq ikki nafar ishchi 50 yoshlar atrofidagi O‘zbekiston fuqarosi hamda 20 yoshli Nepal fuqarosi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmayapti. Ular binoda qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Olov tezda kuchayib, yaqin atrofdagi elektr uzgichlar ishlab chiqaruvchi boshqa zavodga ham o‘tgan. Voqea joyiga 105 nafar qutqaruvchi, 56 ta maxsus texnika va 4 ta vertolyot jalb etilgan. Shamol tufayli uchqunlar 500 metr uzoqlikdagi tog‘ hududiga ham tarqalgan, biroq o‘rmon yong‘ini to‘liq o‘chirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonda sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni 50 kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.