O‘zbekiston termasi mashg‘ulot o‘yinida «Urartu» ustidan ishonchli g‘alaba qozondi

31-yanvar 2026 09:19 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Armanistonning «Urartu» klubiga qarshi o‘tkazilgan mashg‘ulot uchrashuvida 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘FA xabar bermoqda.

Foto: O‘FA

Uchrashuvning 19-daqiqasida «Urartu» futbolchilari hisobni ochdi, ammo 35-daqiqada Alisher Odilov gol urib, muvozanatni tikladi. Tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi hujumkorlikni oshirdi. 58-daqiqada Javohir Husanov jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay, 62 va 70-daqiqalarda Avazbek O‘lmasaliyev ketma-ket ikkita gol kiritib, dubl qayd etdi.

Foto: O‘FA

Murabbiylar shtabi o‘yin davomida keng ko‘lamli rotatsiyani amalga oshirdi. 36, 47 va 71-daqiqalarda tarkib deyarli to‘liq yangilanib, Yusupov, Jaloliddinov, Bozorov kabi asosiy o‘yinchilar o‘rniga zaxiradagi futbolchilar sinovdan o‘tkazildi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida (105+3) belgilangan penaltini «Urartu» vakillari aniq amalga oshirib, yakuniy hisobni qisqartirdi.

Foto: O‘FA

Avvalroq Kursiv Uzbkistan futzal bo‘yicha Osiyo kubogida O‘zbekiston Avstraliya ustidan irodali g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek