O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili bo‘yicha malaka sertifikati joriy etiladi

O‘zbekiston hukumati chet el fuqarolari uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga maxsus malaka sertifikati berish tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yangi tartib Vazirlar mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 31-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi qabul qilingan «Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, mamlakatda xorijiy fuqarolarning o‘zbek tilini qay darajada bilishini baholashning shaffof mexanizmi yaratiladi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda doimiy yashash yoki ishlash istagida bo‘lgan, shuningdek, o‘z til ko‘nikmalarini rasman tasdiqlashni xohlovchi chet el fuqarolari maxsus imtihon topshirishlari mumkin bo‘ladi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlarga davlat namunasidagi malaka sertifikati taqdim etiladi.
Mazkur tizimning joriy etilishi xorijliklarning O‘zbekiston jamiyatiga integratsiyalashuvini osonlashtirish, davlat tilining nufuzini oshirish va migratsiya jarayonlarini tartibga solishga xizmat qilishi kutilmoqda. Imtihonlarni tashkil etish va sertifikat berish jarayonlari vakolatli davlat organlari, xususan, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, rivojlangan davlatlarda fuqarolik olish yoki ma’lum sohalarda ishlash uchun davlat tilini bilish to‘g‘risidagi sertifikat talab etilishi keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda o‘zbek tiliga cheklovlar yuzasidan izoh bergani haqida xabar bergan edi.