Yangiliklar

O‘zbekistonda savdo xizmatlari hajmi 187 trln so‘mga yetdi — Statistika qo‘mitasi

Yillik o‘sish 13,8 foizni tashkil etib, eng yuqori ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda
Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar – dekabr oylarida savdo xizmatlari hajmi 187 trln so‘mni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 13,8 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilib, poytaxtda savdo xizmatlari hajmi 68,3 trln so‘mga yetgan. Keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati (17,4 trln so‘m) va Farg‘ona viloyati (14,1 trln so‘m) egallagan. Samarqand, Namangan, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida ham ko‘rsatkichlar 10 trln so‘mdan yuqori bo‘lib, mos ravishda 12,8 trln, 10,6 trln, 10,3 trln va 10,2 trln so‘mni tashkil etdi.

Mamlakatning boshqa hududlarida savdo hajmi nisbatan pastroq shakllangan. Xususan, Buxoro viloyatida 9,4 trln, Surxondaryoda 9,2 trln, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6,1 trln so‘m qayd etilgan. Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ko‘rsatkichlar 5 trln so‘m atrofida bo‘lgan. Eng kam savdo xizmatlari hajmi Sirdaryo viloyatiga to‘g‘ri kelib, 2,5 trln so‘mni tashkil qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 147 mlrd dollardan oshgani haqida xabar bergan edi.