«Qizil» stikerli mashinalarning shaharga kirishi taqiqlanadimi? YHXX bayonot berdi

eʼlon qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

So‘nggi kunlarda internet tarmoqlarida «qizil» toifadagi ekologik stikerga ega avtomobillarning shaharga kirishi cheklangani haqida turli xabarlar tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ushbu mish-mishlarga oydinlik kiritib, ayni damda transport vositalari uchun bunday cheklovlar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Vazirlar mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-sonli qaroriga asosan, O‘zbekistonda «Ekologik transport» tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, avtomobillar atmosferaga chiqarayotgan zararli moddalar miqdoriga qarab «yashil» (toza), «sariq» (o‘rta) va «qizil» (zararli) toifalarga ajratiladi.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida haydovchilarga ekologik stikerlarni bepul tarqatish ishlari boshlangan. Avtomobilning qaysi toifaga mansubligi «Avtomototransport hisobi» moduli orqali avtomatik tarzda aniqlanadi.

YHXX matbuot xizmatining ta’kidlashicha, «sariq» yoki «qizil» rangli stikerga ega mashinalarning harakatlanishiga hozircha hech qanday cheklov o‘rnatilmagan. Mas’ullar fuqarolardan asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni va yolg‘on xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab qolishdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtotransportlar uchun ekologik stiker berish tartibi belgilangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek