Yangiliklar

Toshkentdagi Aviator savdo majmuasida yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi vayronalar ostidan fuqaroning jasadi topilganini tasdiqladi
Foto: Telegram / Telegram_Yulduzlari

31-yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo majmuasida yirik yong‘in yuz berdi. Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro qurbon bo‘lgan. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Yong‘in to‘g‘risidagi xabar Toshkent shahar FVBB’ga soat 15:47 da kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 6 daqiqa ichida, ya’ni soat 15:53 da yetib borgan. O‘t o‘chiruvchilar dastlab bino ichidagi barcha fuqarolarni evakuatsiya qilish choralarini ko‘rgan.

Foto: Telegram / Telegram_Yulduzlari

Yong‘inni bartaraf etish ishlari Favqulodda vaziyatlar vaziri rahbarligida amalga oshirilgan. Olov soat 16:50 da qurshab olinib, 17:17 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘indan so‘ng olib borilgan dastlabki o‘rganish ishlari davomida vayronalar ostidan bir nafar fuqaroning jasadi topilgan. Hozirda hodisa sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyadagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan edi.