
Amerika va Kanada kinematografiyasi afsonasi Ketrin Oxara 71 yoshida olamdan o‘tdi. U o‘zining betakror komedik rollari va dramatik iste’dodi bilan millionlab tomoshabinlar qalbidan joy olgan edi.
Ketrin Oxara keng jamoatchilikka, eng avvalo, Rojdestvo ramziga aylangan «Uyda yolg‘iz» (Home Alone) va uning davomi «Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolgan» filmlaridagi bosh qahramon Kevinning onasi Keyt Makkallister roli orqali yaxshi tanish. Ushbu filmlar yillar o‘tib ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

«Uyda yolg‘iz» filmida Kevin rolini ijro etgan Makoley Kalkin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Oyijon. Vaqtimiz bor deb o‘ylagandim. Yana aytadigan gaplarim juda ko‘p edi. Sizni yaxshi ko‘raman. Keyinroq ko‘rishguncha» deya vidolashdi.
Aktrisa 2010-yillarning o‘rtalarida «Shitts Krik» (Schitt’s Creek) komedik serialidagi ishtiroki bilan yana mashhurlik cho‘qqisiga chiqdi. Unda Oxara xonavayron bo‘lgan milliarderning rafiqasi o‘ziga xos xarakterga ega Moyra rolini qoyilmaqom ijro etgan. Ushbu serialdagi ijrosi uchun u 2019-yilda nufuzli Emmi mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Oxaraning professional faoliyati 1970-yillarda Kanadada boshlangan. Uning kinodagi ilk jiddiy muvaffaqiyati Tim Bertonning 1988-yilda ekranlarga chiqqan mashhur «Bitljuis» (Beetlejuice) filmidagi roli bilan bog‘liq.

Aktrisa so‘nggi yillarda ham faol ijod qilayotgan edi. Xususan, u yaqinda mashhur «Bizlarning o’xirgimiz» (The Last of Us) serialining ikkinchi mavsumida hamda 2025-yilda Set Rogenning «Kinostudiya» (The Studio) loyihasida ishtirok etgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Uyda yolg‘iz» filmidagi uyning nonli nusxasi Ginnesga kirgani haqida xabar bergan edi.