
HAVAL kompaniyasi H9 ramali yo‘ltanlamasining yangilangan 2026-yilgi versiyasini taqdim etdi. Yangi model tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar, masofaviy yangilanish imkoniyati va kengaytirilgan raqamli xizmatlar bilan ajralib turadi.

Avtomobil dizaynida amaliy yechimlarga urg‘u berilgan. Radiator panjarasi avvalgi kumushrang o‘rniga bosiq kulrang tusga o‘zgardi, g‘ildirak arkalari kengaytirgichlari esa bo‘yalmagan qora plastikdan ishlangan. Bu detallar mashinani mayda shikastlanishlardan himoya qiladi. Kuzov ranglari qatoriga yangi kulrang tus Atlas Sellenit qo‘shildi.

Texnologik jihatdan model Yandex Auto platformasi bilan integratsiya qilingan. 14,6 dyuymli markaziy displey orqali haydovchilar Yandex Xaritalar, Musiqa va Kitoblar xizmatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishlari mumkin. Tizim foydalanuvchi hisobi bilan sinxronlashadi va oflayn rejimda ham navigatsiyani ta’minlaydi. Dasturiy ta’minotni dilerlik markaziga bormasdan yangilash funksiyasi joriy etilgan.

Yangi H9 Great Wall Motor tomonidan ishlab chiqilgan ovozli boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, u 150 ga yaqin funksiyani, jumladan, iqlim nazorati va kameralarni ovoz orqali boshqarish imkonini beradi. Tizim shovqinni pasaytirish xususiyatiga ega va haydovchi hamda yo‘lovchi zonalarini ajrata oladi.

Rossiya bozorida Elite komplektatsiyasining narxi 4,7 mln rubl (758 mln so‘m), Premium versiyasi esa 5,2 mln rubl (838.7 mln so‘m) etib belgilangan. Sotuvlarning boshlanish sanasi keyinroq e’lon qilinadi. Eski model egalari uchun ham keyinchalik dilerlik markazlarida raqamli xizmatlarni qo‘shimcha o‘rnatish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Haval Dargo avtomobilining yangilangan versiyasi haqida xabar bergan edi.