2-fevraldan boshlab metan zapravkalar 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi — vazirlik

Joriy yil 2-fevraldan boshlab metan «zapravkalar» soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Farg‘ona vodiysida esa metan zapravkalarning ish vaqti mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimi holatidan kelib chiqib belgilanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika hamda jamoat transportlari gaz bilan cheklovsiz va barqaror ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarida shahar ichi yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar uzluksiz ishlashi uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida jamoat transportiga birinchi galda gaz quyish tartibi joriy etilgandi.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida quvurlardagi gaz bosimini oshirish imkoniyati paydo bo‘lib, ayrim hududlarda, jumladan, aholi xonadonlarida tabiiy gaz bosimi me’yoriy holatga keltirilmoqda. Jarayonlar viloyat hokimliklari hamda tegishli vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.