
AQSh federal hukumati qisman shatdaun holatiga tushdi. BBC nashriga ko‘ra, bunga sabab mablag‘ yetishmovchiligi bo‘lib, shatdaun shanba kuni tongdan boshlandi.
Senat aksariyat idoralarni sentabrgacha moliyalashtirishga rozi bo‘ldi, biroq Ichki xavfsizlik departamenti faqat ikki hafta uchun mablag‘ oldi.
Qonun loyihasi hozircha Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlanmadi. Palata hozir tanaffusda. Kelishuv AQSh prezidenti Donald Tramp va demokratlar o‘rtasida imzolandi. Demokratlar immigratsiya nazoratiga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga rozi bo‘lmadi. Bunga Minneapolisda ikki AQSh fuqarosining federal agentlar tomonidan otib o‘ldirilgani sabab bo‘ldi.
Bundan oldingi shatdaun 2025-yil oktabr – noyabr oylarida 43 kun davom etib, AQSh tarixidagi eng uzoq holat bo‘lgandi. O‘shanda aviatsiya va boshqa muhim xizmatlar izdan chiqqan, yuz minglab davlat xizmatchilari haftalab maoshsiz qolgan edi.
Bu safargi yopilish uzoq davom etmasligi kutilmoqda. Vakillar palatasi dushanba kuni ishga qaytadi. Shunga qaramay, Oq uy transport, ta’lim va mudofaa vazirliklariga yopilish rejalarini ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Prezident Tramp respublikachilarni kelishuvni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Shu ikki haftalik muddat ichida qonunchilar Ichki xavfsizlik departamenti bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishmoqchi. Demokratlar immigratsiya agentlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qilmoqda.
Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer immigratsiya xizmatlari faoliyatini cheklash, sud ruxsatisiz reydlarni to‘xtatish va agentlarning ochiq tanilishi zarurligini ta’kidladi. Minneapolisdagi otishma bo‘yicha AQSh Adliya vazirligi fuqarolik huquqlari yuzasidan tergov boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Federal rezerv raisi Jerome Powell o‘rniga yangi nomzodni e’lon qilishini aytgandan keyin oltin narxi tushgandi. Bozorda bu lavozimga sobiq FED rahbari Kevin Uorsh tayinlanishi mumkinligi haqida taxminlar kuchaygan. Aynan shu xabarlar Osiyo bozorlarida oltin narxiga bosim o‘tkazmoqda.