
Apple’ning ilk buklanadigan smartfoni iPhone Fold 2026-yil kuzida iPhone 18 seriyasi bilan birga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Mydrivers nashriga ko‘ra, qurilma kompaniya tarixidagi eng premium va texnologik iPhone sifatida taqdim etiladi.
Manbalarga ko‘ra, iPhone Fold 5 500 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Bu Apple smartfonlari orasida eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Avtonomlikni oshirish uchun kompaniya kremniy–uglerod anodli batareya texnologiyasidan foydalanadi. Bu yechim qurilma hajmini kattalashtirmasdan energiya zichligini oshirish imkonini beradi.
Buklanadigan iPhone ichki tomonda 7,8 dyuymli LTPO OLED displey bilan jihozlanadi. Ekran Samsung tomonidan ishlab chiqariladi va 120 Hz gacha moslashuvchan yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Tashqi ekran esa 5,3 dyuym bo‘lib, bir qo‘l bilan boshqarish uchun qulay bo‘ladi.
Qurilmada Face ID bo‘lmaydi. Uning o‘rniga yon tomonda barmoq izi skaneri qo‘llanadi. iPhone Fold 48 MPli ikki kamerali asosiy blok, yangi Apple A20 Pro protsessori bilan ishlaydi.
JPMorgan Chase tahlilchilariga ko‘ra, iPhone Fold’ning boshlang‘ich narxi taxminan $2 ming bo‘ladi. Eng yuqori konfiguratsiya narxi esa $2,5 mingdan oshishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 16 dunyodagi eng ommabop smartfon bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Mutaxassislar Apple va Samsung’ning bozordagi ustunligi ketma-ket to‘rtinchi yil saqlanib qolayotganini qayd etmoqda.