Yangiliklar

Jahonda oltin narxi 4,9 ming dollardan tushdi

1-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:27 holatiga
Oltin
Foto: Getty images

Jahon bozorida oltin narxi ilk bor $5,6 minggacha chiqqandan keyin keskin tushishni qayd etmoqda. 1-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:27 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4,9 mingdan pasaydi.

Reuters’ga ko‘ra, bunga AQSh Federal rezerv tizimi (FED) rahbari lavozimiga yanada qat’iy (hawkish) qarashlarga ega shaxs tayinlanishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lmoqda.

Donald Tramp Federal rezerv raisi Jerome Powell o‘rniga yangi nomzodni e’lon qilishini aytgan. Bozorda bu lavozimga sobiq FED rahbari Kevin Uorsh tayinlanishi mumkinligi haqida taxminlar kuchaygan. Aynan shu xabarlar Osiyo bozorlarida oltin narxiga bosim o‘tkazmoqda.

Dollar ko‘p yillik eng past darajalardan biroz tiklandi. Bu ham oltin narxining pasayishiga sabab bo‘ldi, chunki kuchli dollar oltinni boshqa davlatlar uchun qimmatroq qiladi. Shunga qaramay, bozorlar 2026-yilda ikki marta foiz stavkasi pasaytirilishini kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bitkoin narxi $80 mingdan pastga tushgani haqida xabar berilgandi. Juma kuni, 30-yanvarda bitkoin bir sutka ichida qariyb 7 foizga arzonlagan. Narx pasayishi fonida butun kriptovalyuta bozori noyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkichlarga tushib ketdi.