Ortda qolayotgan haftada qanday voqealar yuz berdi

O‘zbekiston va jahonda ortda qolayotgan haftada bir qancha voqealar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.
Migratsiya agentligi 2025-yilda xorijda ishlagan fuqarolar foydasiga $1,9 mln undirdi
2025-yilda Migratsiya agentligi xorijda ishlagan O‘zbekiston fuqarolari foydasiga $1,9 mln undirilishini ta’minladi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida ish haqi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 3 ming nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Ushbu ishlar natijasida fuqarolarga tegishli mablag‘larning qaytarilishiga erishilgan.
O‘zbekistonga FIFA Jahon chempionati kubogi olib kelindi
27-yanvar kuni Titan Airways aviakompaniyasining maxsus charter reysi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Havo kemasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining asil oltindan yasalgan kubogi hamda italiyalik futbol afsonasi Marko Materatssi yetib keldi.
«O‘zbekneftgaz» sobiq raisi qamoqqa olindi
Davlat xavfsizlik xizmati raisiga «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha mas’ul xodimlarning javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi. Ehtiyot chorasi sifatida tashkilot boshqaruvi sobiq raisi Bahodir Siddiqov qamoqqa olingan. U davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarda gumon qilinmoqda.
Inflyatsiya pasaymoqda, lekin stavka nega o‘zgarmayapti? Markaziy bank izohi
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov asosiy stavka va inflyatsiya o‘rtasidagi tafovutning yuqoriligi sabablarini tushuntirdi. Bu haqda u 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri. Achilovning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiyaga bosim beruvchi talab omillari kuchli bo‘lgani bois, joriy qat’iy sharoitda 6–7 foizlik farqni saqlash talab etilmoqda.
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2025-yilda 18,9 mlrd dollarga yetdi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga kirib kelgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024-yilgi ko‘rsatkichdan 27,2 foizga yuqoridir. Bu haqda MB asosiy stavka masalasiga bag‘ishlangan taqdimotda e’lon qildi. O‘sishning asosiy omillari sifatida rubl kursining mustahkamlanishi hamda mehnat migrantlari oqimining boshqa davlatlarga yo‘naltirilishi keltirib o‘tilgan.
O‘zbekistonda mashina «probegi»ni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik joriy etilishi kutilmoqda
O‘zbekistonda avtotransport vositalarining odometr ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi.
MrBeast o‘zbek tili bo‘yicha koordinator qidirmoqda
Dunyoning mashhur YouTube blogeri MrBeast (Jimmy Donaldson) LinkedIn tarmog‘ida Language Coordinator – Uzbek lavozimiga vakansiya ochdi. Tanlangan mutaxassis kontentni o‘zbek tiliga o‘girish, dublyaj va subtitrlash jarayonlarini muvofiqlashtirishi lozim.
Qirg‘iziston O‘zbekistondan sug‘urta va «tonirovka» to‘lovlarini bekor qilishni so‘radi
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hududi orqali harakatlanayotgan qirg‘izistonliklardan avtomobil sug‘urtasi va oynalarni qoraytirish uchun to‘lov undirish qoidalarini bekor qilish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi.
480 mln so‘mgacha: 2026-yilda ipoteka kreditlari limiti oshirilishi kutilmoqda
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2026-yilda ipoteka kreditlari hajmini oshirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bitta kvartira uchun beriladigan ipoteka krediti miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln so‘mgacha yetkaziladi. Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili bo‘yicha malaka sertifikati joriy etiladi
O‘zbekiston hukumati chet el fuqarolari uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga maxsus malaka sertifikati berish tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 31-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
Yangilangan HAVAL H9 taqdim etildi
HAVAL kompaniyasi H9 ramali yo‘ltanlamasining yangilangan 2026-yilgi versiyasini taqdim etdi. Yangi model tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar, masofaviy yangilanish imkoniyati va kengaytirilgan raqamli xizmatlar bilan ajralib turadi.
«Tashabbusli budjet»ning 2026-yilgi 1-mavsumi boshlandi
2026-yil 1-fevraldan «Ochiq budjet» portali orqali «Tashabbusli budjet» jarayonlarining 1-mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlandi.
Jarayonga ko‘ra,
- Loyiha kiritish bosqichi — 1 – 20-fevral;
- Saralash bosqichi — 21-fevraldan 7-martgacha;
- Targ‘ibot bosqichi — 8 – 10-mart;
- Ovoz berish bosqichi — 11 – 20-mart;
- Qoʻshimcha gʻoliblarni e’lon qilish bosqichi — 21 – 31-mart kunlari o‘tkaziladi.
Toshkentdagi Aviator savdo markazidagi yong‘inda 3 yoshli bola halok bo‘lgani ma’lum qilindi
Toshkent shahridagi Aviator savdo-ko‘ngilochar markazida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uch yoshli bola vafot etdi. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha boshqa jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Yong‘in sababini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘rganilmoqda.
2-fevraldan boshlab metan zapravkalar 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi — vazirlik
Joriy yil 2-fevraldan boshlab metan «zapravkalar» soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi. Farg‘ona vodiysida esa metan zapravkalarning ish vaqti mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimi holatidan kelib chiqib belgilanadi.