Samarqandda 10 mln dollarlik chiqindilarni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi

Samarqand viloyatida umumiy qiymati $10 mln bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, agentlik direktori Sharifbek Hasanov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning MT Makina kompaniyasi bilan hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar chiqindilarni saralash va qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarish hamda obyektlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Kelishuvga ko‘ra, Samarqand viloyatida umumiy qiymati $10 mln bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda. Asosiy loyihalar 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, kuniga 500 tonna quvvatga ega chiqindilarni saralash stansiyasini qurish, shuningdek, yiliga 1000 dona maxsus texnika va konteyner ishlab chiqaruvchi zavod mahalliylashtirilishi ko‘zlanmoqda.
Loyihalar doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihaning faoliyat muddati 20 yil etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat bo‘ylab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 9,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjudligi xabar qilingandi. Shu munosabat bilan 118,6 ming nafardan ortiq abonentlarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqami orqali SMS-ogohlantirishlar yuborilgan.