
Toshkent shahridagi Aviator savdo-ko‘ngilochar markazida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uch yoshli bola vafot etdi. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha boshqa jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Yong‘in sababini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘rganilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in savdo markazining ikkinchi qavatida, oziq-ovqat maydoni va bolalar o‘yin zonasi joylashgan hududda boshlangan.
Dastlabki baholarga ko‘ra, yong‘in savdo markazining qariyb 800 kvadrat metr maydoniga zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in to‘g‘risidagi xabar Toshkent shahar FVBB’ga soat 15:47 da kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 6 daqiqa ichida, ya’ni soat 15:53 da yetib borgan.
O‘t o‘chiruvchilar dastlab bino ichidagi barcha fuqarolarni evakuatsiya qilish choralarini ko‘rgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 12 ta asosiy, to‘rtta maxsus va oltita suv tashuvchi texnikalar jalb qilingan.