
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarining birinchi bosqichida 30 milliondan ortiq aholi tizimda ro‘yxatdan o‘tdi.
Birinchi bosqich 2026-yilning 15–31-yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali onlayn shaklda amalga oshirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 17 kun ichida mamlakatdagi barcha xonadonlarning 82,3 foizida yashovchi 30 milliondan ortiq aholi onlayn savolnomani to‘ldirdi. Bu ko‘rsatkich MDH davlatlari orasida rekord natija sifatida qayd etildi.
Onlayn bosqichda qatnashmagan yoki savolnomani xatolar bilan to‘ldirgan fuqarolar uchun ikkinchi bosqich 4–28-fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu jarayonda mahalla yettiligi vakillari uyma-uy yurib, ma’lumotlarni planshetlar orqali tizimga kiritadi.
Tayyorgarlik doirasida 7,6 milliondan ortiq turar joy obyektlarining GPS manzillari aniqlashtirildi. Shuningdek, ro‘yxatga olishda ishtirok etayotgan 55 mingdan ortiq xodim maxsus treninglardan o‘tkazildi. Natijalar ishonchliligini ta’minlash uchun ma’lumotlarning bir qismi qayta tekshiriladi.
Fuqarolar tomonidan berilgan barcha ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq himoyalanadi, shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llaniladi.
Ro‘yxatga olish natijasida demografik, ijtimoiy va iqtisodiy holatni aks ettiruvchi ishonchli ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar maktab, bog‘cha, shifoxona va infratuzilma obyektlarini rejalashtirishda muhim asos bo‘ladi.
Dastlabki natijalar 2026-yil 1-iyulgacha, yakuniy ma’lumotlar esa 2027-yil 1-iyulgacha e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi mazkur jarayon soliqqa tortish yoki tekshiruv o‘tkazish bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgandi.
Qo‘mitaning tushuntirishicha, ayrim fuqarolar uy-joyi yoki chorva soni haqidagi ma’lumotlar keyinchalik ortiqcha soliqqa sabab bo‘lishidan xavotir bildirgan. Biroq rasmiylarga ko‘ra, bunday holatlar mutlaqo yuz bermaydi va ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan barcha ma’lumotlar qonun asosida maxfiy saqlanadi.