
Andijon viloyatida iste’molchilardan asossiz ravishda 3,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib olgan korxona aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Gap shundaki, «And Obod» MChJ tomonidan aholiga maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Xususan, mazkur korxona o‘z zimmasiga yuklatilgan hududlarda chiqindilarni belgilangan grafik asosida to‘plash va tashib chiqish ishlarini to‘liq va sifatli bajarmagan. Buning oqibatida ayrim hududlarda ko‘plab chiqindilar to‘planib qolgan.
Olib borilgan hisob-kitoblar natijasida korxona tomonidan iste’molchilardan jami 3 mlrd 585 mln so‘mga yaqin miqdorda asossiz ortiqcha daromad olingani ma’lum bo‘ldi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan mablag‘lar iste’molchilarga qaytarish hamda qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 20 kun ichida respublika 335 ming tonna chiqindidan tozalangandi.
Shuningdek, «Kursiv» chiqindi bo‘yicha aholi qarzdorligi 622 mlrd so‘mdan oshgani haqida yozgandi.