Andijonga navbatdagi 40 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi

Andijonda Xitoyda ishlab chiqarilgan Cambell rusumidagi zamonaviy elektrobuslar shahar yo‘nalishlariga bosqichma-bosqich joylashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yangi qurilgan 2-elektrobuslar parkiga tashrif buyurib, park faoliyati hamda Andijonga olib kelingan navbatdagi 40 ta elektrobus bilan tanishdi.

Yangi elektrobuslar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha harakatni boshladi. Vazirlik ushbu tashabbus transport xizmatlari sifatini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va shahar aholisi uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onaga Xitoydan 24 ta yangi Yutong avtobusi olib kelingandi. Viloyatga 2024–2025-yillar davomida to‘rtta tashuvchi korxona tomonidan jami 124 ta zamonaviy avtobus keltirilgan.