Armaniston bosh vaziri Yerevanda o‘z guruhi bilan konsert berdi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevanda o‘zi tashkil etgan musiqiy guruh bilan jonli konsert dasturini taqdim etdi. Siyosatchi ushbu kechada zarbli cholg‘u asboblari ijrochisi sifatida namoyon bo‘ldi va tadbir videosini o‘z sahifalarida e’lon qildi.
Bosh vazirning ma’lum qilishicha, yangi musiqiy jamoa «Varchaband» deb nomlangan. Bu nom armancha «varchapet» (bosh vazir) va inglizcha «band» (guruh) so‘zlarining birlashmasidan hosil qilingan. Konsert davlat rahbarining musiqachi sifatidagi ilk ommaviy chiqishi bo‘ldi.
Tadbirga kirish oldindan onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshirilgan. Pashinyanning musiqaga qiziqishi 2025-yilning avgust oyida, u va rafiqasi Anna Akopyan musiqa asboblarini o‘rganishni boshlagan paytda omma e’tiboriga tushgan edi. O‘shanda hukumat rahbari baraban, rafiqasi esa gitara chalishni o‘rganayotgani xabar qilingandi.
Pashinyan musiqa asboblarini chaladigan yagona dunyo yetakchisi emas. Avvalroq Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi «heavy metal» guruhida, Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon esa K-pop qo‘shiqlarida baraban chalgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Armaniston KXShTdagi ishtirokini to‘xtatgani haqida xabar bergan edi.