Avto

Bitta nusxadagi hukumat limuzini 30 ta Chevrolet Cobalt narxida sotuvga chiqdi

1973-yilda ishlab chiqarilgan
Bitta nusxadagi hukumat limuzini 30 ta Chevrolet cobalt narxiga sotuvga qo‘yildi
Foto: Auto.ru

Auto.ru saytida 1973-yilda ishlab chiqarilgan ZIL-117P hukumat limuzini sotuvga chiqarildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «P» indeksiga ega ZIL-117 faqat bitta nusxada ishlab chiqarilgan.

Foto: Auto.ru

Avtomobilning yurilgan masofasi 69 ming kilometrni tashkil etadi. ZIL-117P klassik limuzin bo‘lib, old va orqa o‘rindiqlar orasida ichki to‘siq mavjud. Kapot ostida 7 litrli V8 karbyuratorli dvigatel joylashgan bo‘lib, u 300 ot kuchiga ega va uch pog‘onali avtomat uzatma bilan ishlaydi.

Foto: Auto.ru

Limuzin konditsioner, elektr oynalar bilan jihozlangan. Sotuvga qo‘yilgan avtomobilga zavodda o‘rnatilgan maxsus signallar — sirena, miltillovchi chiroqlar va maxsus aloqa tizimi ham qo‘shib beriladi. Shuningdek, mashina SSSR davriga oid to‘liq hujjatlar bilan taqdim etilmoqda.

Ekran tasviri Auto.ru

Ushbu yagona model narxi 30 mln rubl (4,8 mlrd so‘m) etib belgilangan. Bu narxga O‘zbekiston sharoitida 35 ta yangi Damas (MAX VAN 1.2 LV0, 134,4 mln so‘m) yoki 30 ta yangi Chevrolet Cobalt (Style MCM, 156,1 mln so‘m) xarid qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SSSR davridagi noyob «Volga» Chevrolet Tahoe narxida sotuvga qo‘yilgandi. Manbaga ko‘ra, bunday avtomobillar rasmiy ravishda seriyali hisoblangan bo‘lsa-da, amalda ularning soni juda kam bo‘lgan. Xususan, avtomat uzatmali «Volga»dan atigi 700 ga yaqin dona yig‘ilgan. Bugungi kunda bunday mashinalar, hatto, muzeylarda ham deyarli uchramaydi.