Avto

BYD kompaniyasi yangi brendini namoyish qildi

Linghui modellari mavjud BYD avtomobillari asosida ishlab chiqilgan
BYD kompaniyasi
Foto: MIIT

Xitoyning BYD kompaniyasi yangi brendini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

2-fevral kuni kompaniya Linghui brendining Weibo’dagi rasmiy sahifasini ishga tushirib, qisqa taqdimot bilan chiqdi. Yangi brend BYD’ning arzon segmentdan uzoqlashish va alohida B2B yo‘nalishni shakllantirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Hozirda BYD Xitoy bozorida BYD, Denza, Fang Cheng Bao va Yangwang brendlari bilan faoliyat yuritmoqda. Linghui esa kompaniyaning beshinchi brendi bo‘lib, asosan taksi, ride-hailing va korporativ avtomobillar bozoriga yo‘naltiriladi. Ushbu avtomobillar alohida savdo kanali orqali sotilishi rejalashtirilgan.

Foto: MIIT

Ma’lum qilinishicha, Linghui modellari mavjud BYD avtomobillari asosida ishlab chiqilgan. Dastlabki line-up to‘rtta modeldan iborat bo‘ladi. Eng arzon model Linghui e5, u BYD Qin Plus EV bazasida yaratilgan va 100 kW quvvatga ega elektromotor bilan jihozlangan. Undan keyingi model Linghui e7, u ikki xil elektromotor konfiguratsiyasida taklif etiladi.

Linghui’ning flagman elektromobili e9 modeli bo‘lib, u BYD Han EV asosida ishlab chiqilgan.

Foto: MIIT

BYD Linghui brendi orqali Xitoyda ride-hailing bozoridagi raqobatni kuchaytirishni va korporativ mijozlar uchun alohida mahsulot qatorini shakllantirishni maqsad qilgan. Brend bo‘yicha narxlar va savdo boshlanish sanalari hozircha oshkor etilmadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan BYD Song Plus 2026 qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqida yozgan edi.