Avto

Chevrolet’ning ikkita noyob avtomobili sotildi

Cameo ilk bor 1955-yilda namoyish etilgan
Chevrolet’ning ikkita noyob avtomobili sotildi
Foto: GMAutority

Chevrolet’ning 1957-yilgi Chevrolet Cameo va 1987-yilgi C/K Silverado modellari AQShda o‘tkazilgan Mecum Auctions savdosida yuqori narxlarda sotildi. Bu haqda GM Authority xabar bermoqda.

Cameo ilk bor 1955-yilda namoyish etilgan bo‘lib, odatiy ishchi pikaplarga nisbatan qulaylik va tashqi ko‘rinishga alohida urg‘u berilgan model sifatida taqdim etilgan. U avtomat uzatmalar qutisi, gidravlik rul, yashirin zaxira g‘ildirak va to‘liq kolpaklar kabi o‘sha davr uchun noyob opsiyalar bilan ajralib turgan. 1957–1958-yillarda Cameo‘ga 283 kub dyuymli V8 dvigatel o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘lgan. Model narxi oddiy Task Force pikaplariga qaraganda qariyb 30 foiz qimmatroq bo‘lgan va 1955–1958-yillar oralig‘ida atigi 10,2 ming dona ishlab chiqarilgan.

Foto: GMAutority

Florida shtatida auksionga qo‘yilgan 1957-yilgi Cameo to‘liq frame-off restavratsiyadan o‘tkazilgan. U zamonaviy LS3 V8 dvigateli, 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi, kuchaytirilgan rul va Wilwood diskli tormoz tizimi bilan jihozlangan. Salon ham zamonaviy uslubda qayta ishlangan. Ushbu noyob pikap 2026-yil Kissimmee auksionida $99 mingga sotilgan.

Foto: GMAutority

1987-yilgi C/K Silverado esa mutlaqo boshqa falsafani ifodalaydi. Uzoq yillar davomida ishchi avtomobil sifatida foydalanilgan bu pikaplar orasidan saqlanib qolgan va sifatli restavratsiya qilingan nusxalar bugun juda kam uchraydi. Florida auksionida sotilgan 1987-yilgi K10 Silverado zavod rangidagi yorqin qizil bo‘yoqda bo‘lib, yangi 350 kub dyuymli benzinli dvigatel va 4 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan.

Silverado modeli qulaylik jihatidan ham boy. Zavod konditsioneri, elektr oynalar, markaziy qulflar, to‘liq asboblar paneli va ikki yoqilg‘i baki bilan ta’minlangan ushbu pikap amaliy va kundalik haydov uchun ham mos bo‘lib qolmoqda. U Mecum Auctions’ning 2026-yilgi savdosida $115,5 mingga baholandi.

Foto: GMAutority

Ikkala pikap ham Chevrolet tarixining turli davrlarini ifodalaydi. Chevy Cameo kamyoblik va retro uslubni qadrlovchilar uchun bo‘lsa, Chevy C/K Silverado ishonchli va amaliy klassikani xush ko‘ruvchilar uchun mos tanlov hisoblanadi. Qaysi biri afzal ekani esa kolleksionerning didi va ustuvorligiga bog‘liq.

Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilidan qimmat «Jiguli» sotuvga qo‘yilgani haqida yozgan edi.