Yangiliklar

Fevral oyining pensiya puli qachon to‘lanadi

Pensiya jamg‘armasi ma’lumot berdi
Fevral oyi pensiya puli qachon to‘lanadi
Foto: ijtimoiy tarmoq

Pensiya jamg‘armasi plastik kartada va naqd shaklda pensiya oluvchi fuqarolarga pullar qachon to‘lab berilishi haqida ma’lumot berdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari har bir to‘lov oyining 2-kuniga qadar to‘lov hujjatlarini shakllantiradi. Ushbu hujjatlar oyining 4-kuniga qadar pensiyani yetkazib berishga mas’ul tashkilotlarga taqdim etiladi.

Prezident qaroriga asosan, pensiya to‘lovlari uchun zarur mablag‘lar har oyning 5-sanasigа qadar pensiya oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga, ya’ni plastik kartalariga o‘tkaziladi.

Naqd pul shaklida pensiya oluvchilarga esa Xalq banki tomonidan tasdiqlangan grafik asosida har oyning 4-sanasidan 27-sanasigacha mahalla fuqarolar yig‘inlariga chiqib to‘lab beriladi.

Shundan kelib chiqib, fevral oyi uchun plastik karta orqali pensiya oluvchilarga mablag‘lar 5-fevralga qadar, naqd pul shaklida oluvchilarga esa 4–27-fevral kunlari orasida to‘lab berilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiyani onlayn tarzda naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushgandi. Pensiyani naqd shaklga o‘tkazish uchun fuqaro my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishi yoki mavjud akkaunti orqali tizimga kirishi, so‘ngra tegishli xizmatni tanlab, elektron ariza yuborishi kifoya.