Fond bozori: «Ipoteka-bank» aksiyalari 11 foizga pasaydi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 23-yanvardan 30-yanvargacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,4 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbektelekom»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 8,61 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+5,16%) va «Trastbank» (+5%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari 11,21 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Aloqabank» (-10,13%) va «Hamkorbank» (-10,12%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «O‘zbektelekom»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Hamkorbank» (1 082 ta bitim), «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (1 045 ta) va «O‘zsanoatqurilishbank» (1 031 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (678,07 mln so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (615,09 mln so‘m) va «O‘zbektelekom» (497,96 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 12 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, 16 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 30,63 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq birjada SQB va «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar tiklangani haqida xabar berilgandi. Bozor qoidalariga muvofiq, keskin va asoslanmagan narx o‘zgarishlari sababli 21-yanvardan savdolar vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Birja nazorat komissiyasi holatni har tomonlama tahlil qilib, savdolarni tiklashga qaror qildi. Tahlil davomida bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari, so‘nggi uch yildagi narx dinamikasi, yangiliklar va amalga oshirilgan bitimlar o‘rganildi. Shu bilan birga, Milliy investitsiya jamg‘armasining SQB aksiyalarining 30 foiziga egalik qilishi ham bozor uchun muhim omil sifatida qayd etildi.