Avto

Geely Galaxy M7 avtomobili taqdim etildi

Dizayn va o‘lchamlari jihatidan benzinli Geely Atlas (Boyue L) ga yaqin
Geely Galaxy M7 Xitoyda taqdim etildi
Foto: CarNewsChina

Geely Xitoy bozorida yangi plagin-gibrid krossoveri Geely Galaxy M7 modelini namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Galaxy M7 Geely Galaxy brendining M-seriyasidagi ikkinchi model bo‘lib, dizayn va o‘lchamlari jihatidan benzinli Geely Atlas (Boyue L) ga yaqin. Avtomobil yopiq old qism, LED chiroq chizig‘i bilan bog‘langan keskin faralar, yirik trapeziyasimon havo kirish panjarasi va yagona orqa fonar bloki bilan ajralib turadi.

Foto: Geely

Salonida katta suzuvchi sensor ekran, raqamli asboblar paneli, 50 W quvvatli simsiz zaryadlash maydonchasi, jismoniy boshqaruv tugmalari va ikki stakan qo‘ygich mavjud. Shuningdek, A-ustunlarga integratsiyalangan karnaylar, haydovchi tomonda Face ID kamerasi, fon yoritish va kristall uslubidagi boshqaruv elementlari taqdim etilgan.

Geely ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy M7 Aegis Golden Brick akkumulyatori bilan jihozlanadi. Batareya tezkor DC zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi va xavfsizlik sinovlaridan o‘tkazilgan. Avtomobilning umumiy aralash yurish masofasi 1 730 km ga yetadi.

Foto: Geely

Model o‘rta o‘lchamli SUV bo‘lib, o‘lchamlari 4770×1905×1685 mm, g‘ildirak bazasi 2 785 mm. 1,5 litrli benzin dvigateli 82 kW quvvat ishlab chiqaradi. Maksimal tezlik 180 km/soat.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely kompaniyasi Geely Galaxy V900 avtomobili xaridi uchun oltin sovg‘a qilishi haqida yozgan edi.