Avto

Honda avtomobillariga ishonch nega pasaymoqda

Dvigatel konstruktsion kamchiliklarga ega va belgilangan resursga yetmasdan ishdan chiqmoqda
Foto: Honda

AQShda Honda va Acura avtomobillari egalari 3,5 litrli V6 dvigatellardagi jiddiy nuqsonlar sabab kompaniyaga qarshi jamoaviy da’vo arizasi berdi. Bu haqda Carcoops ma’lum qildi.

Da’vogarlar ta’kidlashicha, ushbu dvigatel konstruktsion kamchiliklarga ega va belgilangan resursga yetmasdan ishdan chiqmoqda. Sud ishiga sabab bo‘lgan holatda, 2016-yilgi Honda Pilot egasi avtomobil 120 ming km yurganida dvigatel moyida metall qirindilarni aniqlagan. Bu ichki detallar, jumladan porshen, shatun shikastlanganini ko‘rsatgan.

Odatiy holatda ushbu V6 dvigatel kamida 300 ming km muammosiz xizmat qilishi kutiladi. Biroq diler dvigatelni almashtirish uchun qariyb $12 ming so‘ragan. Shundan so‘ng avtomobil egasi sudga murojaat qilgan.

Foto: Honda

Da’vo materiallarida Honda bu muammo haqida avvaldan xabardor bo‘lgani qayd etilgan. 2023-yil noyabr oyida kompaniya tirsakli val bilan bog‘liq nosozliklar sabab 200 mingdan ortiq avtomobilni qaytarib olgandi. Yuristlar bu choralar muammoning ildiziga yechim bo‘lmaganini aytmoqda.

Ish doirasida Honda Pilot, Odyssey, Passport, Ridgeline, shuningdek Acura’ning RLX, TLX va MDX modellariga e’tiroz bildirilmoqda. Agar sud da’vogarlar foydasiga qaror chiqarsa, Honda AQShdagi eng yirik va qimmat servis kampaniyalaridan birini o‘tkazishga majbur bo‘lishi mumkin. Sababi 3,5 litrli V6 dvigatel kompaniyaning Shimoliy Amerikadagi asosiy model qatorining tayanch agregati hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honda Accord 24 soatlik sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani haqida yozgan edi.