
Hyundai kompaniyasi Hyundai Santa Fe modelining 2027-yilga mo‘ljallangan restaylingini allaqachon tayyorlay boshladi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi. Yevropada o‘tkazilgan qishki sinovlar paytida niqoblangan prototiplar suratga olindi.
Eng katta o‘zgarishlar old qismda kutilmoqda. Hozirgi kvadrat shaklli faralar va H-uslubidagi kunduzgi chiroqlar o‘rnini ixchamroq optika egallashi mumkin. Yoritish bloklari bamperga pastroqqa ko‘chiriladi. Bu radiator panjarasini kengaytirish imkonini beradi. Old tomonda paydo bo‘lgan vertikal LED chiziqlar kunduzgi chiroq va burilish ko‘rsatkichi vazifasini bajaradi. Umuman olganda, avtomobilning old qismi kengroq va kamroq «kubik» ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Orqa qism ham qayta ishlanadi. Gorizontal yorug‘lik chizig‘i va H-shakldagi fonarlar o‘rniga vertikal optika qo‘llanishi kutilmoqda. Dastlabki vizual materiallarga ko‘ra, orqa bamper hozirgi modelga nisbatan yumaloqroq va yumshoqroq dizaynga ega bo‘ladi.
Salon tasvirlari hozircha yo‘q. Shunga qaramay, manbalar Santa Fe 2027 multimedia tizimi Pleos Connect’ni olishini kutmoqda. U Android Automotive OS platformasida ishlaydi va raqamli servislar bilan chuqur integratsiyani taklif qiladi.

Texnik qism bo‘yicha aniq ma’lumotlar hali e’lon qilinmagan. Biroq elektrlashtirish darajasi oshirilgan versiya paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Amaldagi dvigatellar saqlanib qolishi mumkin. Ular orasida 277 ot kuchiga ega 2,5 litrli turbomotor hamda umumiy quvvati 231 ot kuchi bo‘lgan 1,6 litrli turbodvigatelga asoslangan gibrid tizim mavjud.
Hozircha gap faqat sinovdan o‘tayotgan prototiplar haqida ketmoqda. Hyundai hozirgi Santa Fe’ning keskin va burchakli qiyofasi bilan ommaviy xaridorlarga mosroq dizayn o‘rtasida muvozanat izlamoqda. 2027-yilgi restayling model qiyofasini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin. Bu esa barcha muxlislarga ham birdek manzur bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Malibu va Elantra modellari taqqosklangani haqida yozgan edi.