
Janubiy Koreyaning Hyundai Motor kompaniyasi Rossiyadagi sobiq zavodini qayta sotib olish huquqidan foydalanmadi. Bu haqda TASS ma’lum qildi. 2024-yilda aktiv sotilgan paytda belgilangan opsion muddati 31-yanvar kuni yakunlandi.
News1 agentligi manbalariga ko‘ra, Hyundai mahalliy tomon bilan muzokaralar olib borgan. Biroq yakunda kompaniya aktivlarni qaytarib olmaslik haqida qaror qabul qilgan.
Ayni paytda Sankt-Peterburgdagi sobiq Hyundai zavodi «AGR» kompaniyalar guruhi tasarrufida. Ushbu maydonda hozirda Solaris brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Gap sobiq Hyundai Creta, Hyundai Solaris, Kia Rio va Kia Rio X-Line modellari haqida bormoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yil dekabr oyida zavodda Xitoyning GAC brendiga mansub avtomobillarni sinov tariqasida yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Rossiya hukumati rejalariga ko‘ra, korxona 2026-yil yoziga borib to‘liq ishlab chiqarish quvvatiga chiqishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Santa Cruz muddatidan oldin ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.