Avto

Hyundai’ning yangi avtomobili taqdim etildi

Texnik jihatdan G80 Magma BMW M5 va Mercedes-AMG E63’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib sifatida ko‘rilmoqda
Foto: Hyundai

Hyundai’ning Genesis brendi G80 Magma avtomobilini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. Model jami 20 dona chiqadi.

Texnik jihatdan G80 Magma BMW M5 va Mercedes-AMG E63’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib sifatida pozitsiyalanmoqda. Sedan 3,5 litrli, ikki turbinali V6 dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, uning quvvati 525 ot kuchiga yetkazilgan. Bu standart G80 bilan solishtirganda 150 ot kuchiga ko‘p. Muhandislar kuchaytirilgan dvigatelga moslab 8 pog‘onali avtomat transmissiyani qayta sozlagan, osma qismini qattiqlashtirib pasaytirgan va Brembo sport tormozlarini o‘rnatgan.

Foto: Carcoops

Tashqi ko‘rinishida avtomobil ancha agressivlashgan. Old qismda qora radiator panjarasi va kattalashtirilgan havo kirish teshiklari paydo bo‘lgan. Shuningdek, yangi g‘ildirak disklar, orqa diffuzor va spoyler bilan jihozlangan. Salon sport ruhida bezatilgan bo‘lib, Recaro kovsh o‘rindiqlari, qora charm va alkantara hamda yorqin to‘q sariq tikuvlar qo‘llangan.

Genesis hozircha G80 Magma narxini ochiqlamagan. Kompaniya ushbu versiya kelajakda boshqa bozorlarda ham sotiladimi yoki yo‘q, bunga aniqlik kiritmagan. Hozircha loyiha dunyodagi eng boy mintaqa uchun mo‘ljallangan imidjli tajriba sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai kompaniyasi Rossiyadagi zavoni qayta sotib olmagani haqida yozgan edi.