
International Finance Corporation (IFC) O‘zbekistonda alyuminiy bankalar ishlab chiqaruvchi birinchi zavodni rivojlantirish maqsadida East Can Solutions kompaniyasiga investitsiya kiritmoqda. Bu haqda IFC Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Investor kompaniyaga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan ushbu korxona ichimlik ishlab chiqaruvchilarni to‘liq qayta ishlanadigan qadoqlash mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Bu esa bozordagi ortib borayotgan talabni qondirish, ichki taklifni kengaytirish va importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
IFC investitsiyalari ushbu loyiha doirasida 200 dan ortiq bevosita ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1,1 milliard dona alyuminiy bankaga yetishi rejalashtirilgan.
«East Can Solutions» MChJ asoschisi Shuhrat Ergashevning aytishicha, IFC tomonidan $18 milliongacha bo‘lgan moliyalashtirish va maslahat yordami berilgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu pullar bilan kompaniya O‘zbekiston ichimlik ishlab chiqaruvchilarini yuqori sifatli qadoqlash mahsulotlari bilan ta’minlaydi.
«Ushbu investitsiyalar ishonchli ichki ta’minotni, iqtisodiy samaradorlikning oshishini va ishlab chiqarishga ilg‘or xalqaro amaliyotlarning joriy etilishini ta’minlaydi», — deydi u.
Moliyalashtirishdan tashqari, IFC East Can Solutions kompaniyasi bilan uning ekologik va ijtimoiy standartlarini IFC Faoliyat Standartlari hamda ushbu sohadagi global ilg‘or amaliyotlarga muvofiqlashtirish ustida ishlaydi, shuningdek kompaniyaga EDGE «yashil bino» sertifikatidan o‘tishda ko‘maklashadi.
Ma’lumot uchun, IFC Jahon banki guruhi tarkibiga kiradi va rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan eng yirik global rivojlanish instituti hisoblanadi. U 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.
Avvalroq «Kursiv» Jahon banki Markaziy Osiyoda yagona elektr energiyasi bozorini yaratish uchun 1 mlrd dollar ajratishi haqida yozgandi.