
JP Morgan tahlilchilari oltin narxi yil oxirigacha bir unsiya uchun $6,3 mingga chiqishini kutmoqda. Bunga markaziy banklar va investorlar tomonidan yuqori talab saqlanib qolishi sabab sifatida ko‘rsatilgan.
So‘nggi kunlarda oltin narxi pasayib, dushanba kuni $4,6 ming atrofida savdo qilindi. Avvalroq, payshanba kuni oltin rekord darajaga $5,6 minggacha ko‘tarilgan edi. Shunga qaramay, JP Morgan o‘rta muddatda oltin bo‘yicha ijobiy prognozini saqlab qolmoqda.
Bankka ko‘ra, markaziy banklar zaxiralarni diversifikatsiya qilishni davom ettiradi va 2026-yilda ular tomonidan 800 tonnagacha oltin xarid qilinishi mumkin. Bu omil oltin narxini qo‘llab-quvvatlaydi.
Kumush bozorida esa vaziyat nisbatan noaniqroq. Dushanba kuni kumush narxi 6 foizdan ko‘proqqa tushib, $78,9 atrofida savdolandi. Avvalroq u ham rekord darajaga $121,64 gacha ko‘tarilgan edi. JP Morgan kumushda markaziy banklar tomonidan barqaror xaridlar yo‘qligi sababli risklar saqlanib qolayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, bank fikricha, kumush narxi o‘rtacha $75–80 atrofida barqarorlashishi mumkin va u keskin pasayib ketmaydi.
Avvalroq O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi ilk bor 11 mln so‘mga yaqinlashgandan keyin pasaygani haqida xabar berilgandi. CMC Markets vakili Kristofer Forbes hozirgi pasayishni uzoq muddatli o‘sishdan keyingi odatiy tuzatish deb baholadi.