Ko‘mir ishlab chiqarish hajmi 11 million tonnaga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev koʻmir va uran sanoatidagi amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan rejalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Koʻmir ishlab chiqarish rejalari
2025–2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 mln tonna koʻmir qazib olish rejalashtirilgan, bu oʻtgan mavsumga nisbatan 1,3 mln tonnaga koʻpdir. Hozirgacha 9 mln tonna koʻmir qazib olingan, oʻsish 590 ming tonnani tashkil etdi. Kelasi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 mln tonnaga yetkazish zarur.
Toshkent va Janubiy hududlardagi konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish va qo‘shimcha texnikalarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. Xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026-yilda qo‘shimcha 2,5 mln tonna koʻmir qazib chiqarish rejalashtirilgan.
Nishbosh koʻmir koni loyihasi
Angrendagi Nishbosh koʻmir konini oʻzlashtirish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Zaxirasi 233 mln tonna va qiymati qariyb $500 mln bo‘lgan loyiha doirasida 2026-yilda 1 mln tonna koʻmir qazib olish, kelgusida yillik quvvatni 10 mln tonnaga yetkazish koʻzda tutilgan. Loyiha 880 ta doimiy ish oʻrnini yaratadi.
Koʻmirni qayta ishlash va polimer mahsulotlar
«Oʻzkimyosanoat» tashabbusi bilan koʻmirni kimyoviy qayta ishlash orqali polimer mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati $5 mlrd, yiliga 8–9 mln tonna koʻmirni qayta ishlash va 1,18 million tonna polimer mahsulot ishlab chiqarish quvvatini yaratadi.
Uran sanoati va yangi loyihalar
Oʻtgan yili mamlakatda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar 139 ming tonnaga yetdi. Joriy yilda Arnasoy, G‘arbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi va Sharqiy Ag‘ron konlarini oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Uran qayta ishlash quvvatlarini sulfat kislotasi va texnik oltingugurt bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 2026–2027-yillarda YHM 8,5 foizga o‘sishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.