
Lada avtomobillari Birlashgan Arab Amirliklari bozorida sotila boshlandi. Bu haqda «Avtopotok» ma’lum qildi. Rasmiy savdolar uchun olib kelingan ilk partiya avtomobillarning bir qismi allaqachon xaridorlarga topshirilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, avtomobillar test-drayvsiz sotilgan. Shunga qaramay, bu holat xaridorlarni to‘xtatmagan. Sotilgan modellari orasida Lada Aura biznes-sedani, Lada Iskra hamda sport talqindagi Niva Sport bor.
Avvalroq Lada Niva Travel BAA bozorida taxminan $17,7 mingdan taklif etilayotgani xabar qilingan edi. Lada Vesta narxi esa $22,6 mingdan boshlanadi.

Ma’lumot uchun, Lada Iskra Rossiyaning Lada brendi tomonidan ishlab chiqilgan yangi ommaviy yengil avtomobil hisoblanadi. Model AvtoVAZ zavodida yaratilgan bo‘lib, u Lada Granta va Lada Vesta o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan.
Lada Iskra Renault–Nissan alyansi davrida ishlab chiqila boshlangan platformaga asoslangan. Avtomobil zamonaviy xavfsizlik va konstruktiv talablar asosida qayta moslashtirilgan. Model sedan, universal va krossoverga yaqin talqinlarda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AvtoVAZ yangilangan Lada Aura 2026 savdosini boshlagani haqida yozgan edi.