Sport

Nodirbek Abdusattorov Tata Steel Chess turniri chempioni bo‘ldi

Umumiy sovrin jamg‘armasi $1,2 millionni tashkil etadi
Foto: Nodirbekchess.com

Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi nufuzli Tata Steel Chess turniri yakuniga yetdi. Umumiy sovrin jamg‘armasi $1,2 millionni tashkil etgan musobaqada o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Masters guruhi doirasidagi 13-tur bahsida Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigaisini mag‘lub etdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng u 9 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yakka peshqadam sifatida birinchi o‘rinni egalladi va chempionlikni rasmiylashtirdi.

Abdusattorov turnir davomida barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etdi. Musobaqaning ilk turida u turkiyalik Yag‘iz Kaan Erdog‘mush bilan durang qayd etgan bo‘lsa, ikkinchi turda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhani mag‘lub etdi. Keyingi turlarda Aravindh Chitambaram va Hans Niemann bilan durang o‘ynadi, Chexiya vakili Nguyen Tai Dai Van, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju hamda germaniyalik Vinsent Keymer ustidan muhim g‘alabalarga erishdi.

Sakkizinchi turda niderlandiyalik Anish Giri bilan bahsda imkoniyatni boy berganiga qaramay, Abdusattorov keyingi uchrashuvlarda ochkolarni yo‘qotmadi. Javohir Sindorov, Vladimir Fedoseyev va Jorden van Foreest bilan durang o‘ynagan o‘zbekistonlik shaxmatchi 12-turda germaniyalik Mattias Bluebaum ustidan qozonilgan g‘alaba orqali chempionlik sari muhim qadam tashladi.

Shu tariqa, Nodirbek Abdusattorov 13 uchrashuvda 9 ochko to‘plab, Tata Steel Chess turnirida faoliyatidagi ilk chempionlikni qo‘lga kiritdi. Avvalgi yillarda u ushbu musobaqada 2023-yilda ikkinchi, 2024 va 2025-yillarda esa uchinchi o‘rinlarni egallagan edi.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik sportchi Osiyo chempionatida jahon rekordini yangilagani haqida yozgandi.