Banklar va moliya

Oltin keskin tushmoqda: qimmatbaho metallar bozori bosim ostida

2-fevral kuni oltin qariyb 7 foizdan ko‘proqqa arzonladi
Oltin keskin tushmoqda: qimmatbaho metallar bozori bosim ostida
Foto: Watcher Guru

Oltin va kumush narxlari keskin tushib ketdi. 2-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:17 holatiga oltin qariyb 7 foizdan ko‘proqqa arzonlab, bir unsiyasi $4,5 ming darajasiga tushdi.

Juma kuni esa oltin narxi deyarli 10 foizga pasayib, $5 mingdan pastga tushgan edi. Kumush ham kuchli bosim ostida qoldi va 11 foizdan ko‘proq arzonlab, Toshkent vaqti bilan soat 11:19 holatiga $75 atrofida savdo qilindi.

CNBC nashriga ko‘ra, bu pasayish kuchli dollar va investorlarning foydani fiksatsiya qilishi bilan bog‘liq. Qimmatbaho metallar narxi bir necha kun oldin rekord darajalarga chiqqan edi. Juma kuni bozorda keskin burilish yuz berdi. Bunga AQShda foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalar va Federal zaxira tizimi rahbariyatiga oid siyosiy o‘zgarishlar sabab bo‘ldi.

Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimi raisi lavozimiga Kevin Warsh nomzodini ko‘rsatdi. Uning qat’iy pul-kredit siyosati tarafdori ekani dollarni mustahkamladi. Amaldagi rais Jerome Powellning muddati may oyida yakunlanadi.

Interactive Brokers iqtisodchisi Xose Torresning aytishicha, oltin va kumushni yuqori darajaga olib chiqqan omillar endi kuchini yo‘qotmoqda. CMC Markets vakili Kristofer Forbes esa hozirgi pasayishni uzoq muddatli o‘sishdan keyingi odatiy tuzatish deb baholadi.

O‘zbekistonda oltin narxi qanday

O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi ilk bor 11 mln so‘mga yaqinlashgandan keyin pasaydi. Markaziy bank 2-fevral Toshkent vaqti bilan soat 09:42 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.

Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:

Og‘irligiSotish narxiQaytarib sotib olish (qadog‘i but)Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas)
5 gramm9 867 000 so‘m9 672 000 so‘m9 574 000 so‘m
10 gramm19 735 000 so‘m19 344 000 so‘m19 149 000 so‘m
20 gramm39 469 000 so‘m38 688 000 so‘m38 297 000 so‘m
50 gramm98 674 000 so‘m96 720 000 so‘m95 743 000 so‘m
100 gramm197 347 000 so‘m193 439 000 so‘m191 485 000 so‘m

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan yadroviy bitimga erishishga umid qilayotganini, aks holda, dunyo Eron oliy yetakchisi Oyatolluh Ali Xomenaiyning tahdidlari rostmi yoki yo‘qligini bilib olishini aytgandi.