
Shavkat Mirziyoyev Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini yanada takomillashtirish va aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda Navoiy aeroporti Uzbekistan Airports markazlashgan boshqaruv tizimidan ajratilib, mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan mustaqil muzokaralar olib borishi va shartnomalar tuzishi ko‘zda tutilgan. Daromadlar infratuzilmani modernizatsiya qilish, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish hamda havo kemalarini ta’mirlash va bo‘yash xizmatlariga yo‘naltiriladi, shuningdek, aviatsiya xizmatlari eksporti oshiriladi.
Aeroport biznes-rejasiga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat 50 foizga oshiriladi, 25 dan ortiq aviakompaniya muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yadi va qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshadi. Shuningdek, havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatish uchun porto-franko erkin bojxona zonasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishni to‘xtatadi. Har ikki korxona bir qator ustuvor vazifalar asosida ishlaydi, jumladan, xizmat sifatini oshirish, mahsulot tannarxini hisoblash, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va kadrlar malakasini oshirish.
Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalar qayta ko‘rib chiqiladi, shtat birliklari maqbullashtiriladi, xalqaro kredit reytinglari oshiriladi, IPO va korporativ obligatsiyalarni joylashtirish rejalashtiriladi.
Shuningdek, aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi. Fuqaro aviatsiyasi universiteti va aviatsiya texnikumi tashkil etilib, AQShning Embry-Riddle va Fransiyaning ENAC kabi yetakchi xalqaro markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Universitetda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi va boshqaruv bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik ayollar Air Arabia aviakompaniyasiga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.