O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan aholiga 209 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berildi

eʼlon qilindi
2025-yilda 45 mingdan ortiq fuqaro elektr tarmog‘iga uzatilgan energiya uchun mablag‘ oldi
Foto: Inter Solar System

2025-yilda O‘zbekistonda 45,3 ming nafar jismoniy shaxsga elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 209 mlrd 201 mln so‘m subsidiya ajratildi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, subsidiya oluvchilar va to‘langan mablag‘lar bo‘yicha Xorazm viloyati yetakchilik qilmoqda.

Xorazm viloyatdagi foydalanuvchilarga jami 55 mlrd 405 mln so‘m to‘lab berilgan. Undan keyingi o‘rinlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi (29 mlrd 123 mln so‘m) hamda Buxoro viloyati (25 mlrd 740 mln so‘m) egallagan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 18 mlrd 161 mln so‘m va Navoiy viloyatida 13 mlrd 464 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan.

Foto: Fiskal tahlillar

Toshkent shahrida ushbu ko‘rsatkich 13 mlrd 335 mln so‘mni tashkil etgan. Ro‘yxatning quyi qismida Andijon (3 mlrd 027 mln so‘m), Sirdaryo (3 mlrd 115 mln so‘m) va Surxondaryo (3 mlrd 144 mln so‘m) viloyatlari qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq shakllangan. Samarqand va Toshkent viloyatlarida esa to‘lovlar mos ravishda 10,4 mlrd va 10,5 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Quyoshli xonadon» dasturi 2023-yil 1-apreldan ishga tushirilgan. Dastur doirasida o‘z xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun davlat budjetidan 1000 so‘mdan subsidiya berilishi belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 153 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘langani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek