O‘zbekistonlik ayollar Air Arabia aviakompaniyasiga ishga taklif qilinmoqda

Ingliz tilini mukammal biladigan ayollar uchun Air Arabia aviakompaniyasida ishlash imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Xorijda ish o‘rinlarini taklif qilayotgan «Turon World Cooperation XBA» MCHJ xususiy bandlik agentligi bort kuzatuvchisi lavozimi uchun nomzodlar qabulini boshladi.
Ma’lum qilinishicha, ish joyi Saudiya Arabistonining Dammam shahrida joylashgan. Mehnat shartnomasi dastlab 1 yilga tuziladi, keyinchalik KPI natijalariga qarab 10 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Jami 100 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud.
| Bo‘lim | Shart / To‘lov |
|---|---|
| Asosiy oylik maosh | 3 900 SAR ($1 040) |
| Turar joy | Kompaniya tomonidan taqdim etiladi |
| Turar joydan voz kechilsa | 1 750 SAR ($467) — uy-joy puli |
| 750 SAR ($200) — transport puli | |
| Transport | Kompaniya tomonidan taqdim etiladi |
| Kunduzgi parvoz | 1 baravar |
| Tungi parvoz | 1,5 baravar |
| Parvoz soatlari (1–50) | 20 SAR ($5,3) / soat |
| Parvoz soatlari (51–100) | 40 SAR ($10,7) / soat |
| Parvoz soatlari (100+) | 62 SAR ($16,5) / soat |
| Duty Pay (real uchish soati) | 8 SAR ($2,1) / soat |
| Dam olish kuni ish | 100 SAR (26,7) |
| Eslatma | To‘lanmagan ta’til kunlari hisobga olinmaydi |
Nomzodlarga bepul yotoqxona va ovqat, aviachipta, ish joyigacha bepul transport, ish formasi hamda tibbiy sug‘urta taqdim etiladi.
Tanlovda faqat ayollar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar 20–29 yosh oralig‘ida bo‘lishi, tajribali mutaxassislar uchun esa 33 yoshgacha ruxsat etiladi. Bo‘y kamida 160 sm bo‘lishi, ingliz tilida og‘zaki va yozma ravishda erkin muloqot qila olish talab etiladi. Shuningdek, tananing ko‘rinadigan joylarida tatuirovka va dog‘lar bo‘lmasligi, nomzod jismoniy va tibbiy jihatdan sog‘lom bo‘lishi hamda qutqaruv vositasi bilan suza olishi shart.
Ma’lumotiga ko‘ra, o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot talab etiladi. Turizm yoki aviatsiya yo‘nalishidagi ta’lim afzallik hisoblanadi. Yangi bitiruvchilar ham murojaat qilishi mumkin, aviatsiya yoki xizmat ko‘rsatish sohasidagi tajriba esa ustunlik beradi.
Ish beruvchi bilan yuzma-yuz suhbat 2026-yil 10-fevral kuni Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Intervyu manzili onlayn tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning shaxsiy profillariga yuboriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish Google forma orqali amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun «Turon World» kompaniyasining telefon raqami, Telegram sahifasi va rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tilishicha, mehnat shartnomasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi. «Turon World» kompaniyasi ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi va ishga joylashtirish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Ma’lumotlarning to‘g‘riligi va aniqligi uchun xususiy bandlik agentligi ma’muriyati mas’ul hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri UzAirways 22 ta Boeing 787 Dreamliner xaridi uchun kredit jalb qilmoqchiligi haqida yozgandi.