Gadjetlar

Samsung Galaxy S25 Ultra video olishda 25 karra zumni qo‘llab-quvvatlaydi

One UI 8.5 yangilanishi bilan
Foto: Sammobile

Samsung’ning joriy flagmani — Galaxy S25 Ultra smartfoni kamerasi imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytiriladi. Ice Universe ma’lumotiga ko‘ra, One UI 8.5 yangilanishi bilan video suratga olish vaqtida maksimal zum darajasi hozirgi 20 karra ko‘rsatkichdan 25 karragacha oshiriladi.

Internetda kamera ilovasining yangilangan interfeysi aks etgan skrinshot ham paydo bo‘ldi. Unda tezkor zum almashtirgichlari — 0.5x, 1x, 2x, 3x, 5x va yangi maksimal 25x ko‘rsatkichi aks etgan. Bu foydalanuvchilarga uzoq masofadagi obyektlarni One UI 8.0 asosidagi amaldagi versiyaga nisbatan yanada yuqori aniqlikda videoga olish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, One UI 8.5 yangilanishi nafaqat video zumni yaxshilaydi, balki Android 16 QPR2 asosida yaratilgan yangi versiya doirasida interfeysning keng ko‘lamli dizayn yangilanishini ham olib keladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 seriasining narxi e’lon qilingani haqida yozgandi.