Gadjetlar

Samsung Galaxy S26 Ultra narxi kutilganidan yuqori bo‘lishi mumkin

Galaxy S25 Ultra’ning dastlabki narxidan taxminan 6 foizga yuqori bo‘lishi mumkin
Samsung Galaxy S26 Ultra narxi kutilganidan yuqori bo‘lishi mumkin
Foto: WCCF Tech

Samsung kompaniyasining yangi flagmani Samsung Galaxy S26 Ultra avvalgi modelga nisbatan biroz qimmatroq bo‘lishi mumkin. NewDaily xabariga ko‘ra, narx oshishi sezilarli darajada bo‘lmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xotira narxlarining oshishi sabab Samsung Janubiy Koreyada smartfon narxini 1,8 mln von ($1,2 ming) atrofida belgilashi mumkin. Bu Galaxy S25 Ultra’ning dastlabki narxidan taxminan 6 foizga yuqori.

Agar shu kabi o‘sish AQSh bozorida ham kuzatilsa, qurilmaning narxi $1,3 mingdan taxminan $1,4 minggacha ko‘tarilishi mumkin. Bu xotira narxlaridagi umumiy o‘sish fonida katta qimmatlashuv hisoblanmaydi. Baza versiya 12/256 GB xotira bilan taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Samsung NAND va DRAM xotiralarni o‘zi ishlab chiqaradi. Shunga qaramay, avvalroq Samsung DS bo‘limidan smartfon ishlab chiqaruvchi Samsung MX bo‘limiga xotira yetkazib berishda muammolar bo‘lgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi.

Shuningdek, Samsung Galaxy S26 Ultra’da Linux-terminal paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar mavjud. Android Authority nashrining xabariga ko‘ra, One UI 8.5 tizimi loglarida Android Virtualization Framework tilga olingan.

Bu texnologiya virtual mashinalarni ishga tushirish va to‘liq Linux-terminaldan foydalanish imkonini beradi. Qayd etilishicha, hozirgi Galaxy S25 Ultra modelida bu imkoniyat yo‘q.