Yangiliklar

Shveysariyada fojiali yong‘in qurbonlari soni 41 nafarga yetdi

Jarohatlangan 116 kishining ayrimlari hanuzgacha og‘ir ahvolda
Shveysariyada fojiali yong‘in qurbonlari soni 41 nafarga yetdi / Foto: Reuters

Shveysariyada Alp tog‘laridagi Crans-Montana kurortida joylashgan «Le Constellation» barida yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 41 nafarga yetdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

1-fevral kuni rasmiylar jarohatlangan 18 yoshli yigitning vafot etganini tasdiqladi. U Syurix shahridagi shifoxonada davolanayotgan edi.

Hodisa oqibatida jarohat olgan 116 kishining ayrimlari hanuzgacha og‘ir kuyishlar bilan shifoxonada davolanmoqda. So‘nggi qurbon Lozanna shahrining g‘arbida yashagan yosh yigit bo‘lgan.

Foto: Reuters

Mazkur hodisa Shveysariya va Italiya o‘rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Italiya fuqarolari ham yong‘inda halok bo‘lgan va Italiya tomoni bar egasining garov evaziga qo‘yib yuborilishiga norozilik bildirgan. Shveysariya rasmiylari Rim prokuraturasiga tergov davomida to‘plangan dalillardan foydalanish huquqi berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil G‘azo urushi qurbonlari 70 mingdan oshganini tan olgani haqida xabar bergan edik.