
Xiaomi kompaniyasining ilk avtomobili — Xiaomi SU7 modeli ishlab chiqarishdan rasman olib tashlandi. Hozirda esa SU7’ning yangi avlodi uchun dastlabki buyurtmalar qabul qilinmoqda. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.
Pekin shahridan o‘tkazilgan jonli efirda Xiaomi asoschisi va bosh direktori Ley Tsyun 2026-yil yanvar oyida kompaniya avtomobillarini yetkazib berish hajmi kamaygani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, bu baholar «subyektiv» bo‘lib, mavjud holat model qatorini rejalashtirilgan tarzda yangilash jarayoni bilan bog‘liq.
Kompaniya rahbariga ko‘ra, yetkazib berish hajmining kamayishi asosan SU7 modeliga taalluqli bo‘lib, bunga uning birinchi avlodi rasmiy ravishda ishlab chiqarishdan chiqarilgani sabab bo‘lgan. Ayni paytda omborlar va shourumlarda ushbu modeldan faqat sanoqli avtomobillar qolgan. Yanvar oyidagi asosiy yetkazib berish hajmi — 39 mingdan ortiq avtomobil yangi Xiaomi YU7 krossoveri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ley Tsyun qayd etishicha, an’anaviy ravishda yilning birinchi choragida bozordagi faollik pasayishini va asosiy model avlodlarining almashishini hisobga olganda, joriy ko‘rsatkichlar juda yuqori natija hisoblanadi. Shu bilan birga, Xiaomi 2026-yilda mijozlarga 550 mingta avtomobil yetkazib berishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, kompaniya yangilangan sedan modelini bozorga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 7-yanvardan boshlab Xiaomi SU7’ning yangi avlodi uchun oldindan buyurtmalar ochilgan. Yangi model uchta — standart, Pro va Max modifikatsiyalarda taqdim etiladi. Narxlar oshgan:
- standart versiya 229 900 yuan ($31,9 ming),
- Pro versiya 259 900 yuan ($36,1 ming),
- Max versiyasi esa 309 900 yuanga ($43 ming) yetgan.
Ma’lumot uchun, standart va Pro versiyalar narxi 14 ming yuanga, Max talqini esa 10 ming yuanga oshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangilangan HAVAL H9 taqdim etilgani haqida yozgandi.