Avto

Yangilangan Damas xarid qilishga arziydimi: test-drayv

Yangilangan model O‘zbekistonda ikki asosiy turda taklif etiladi
Yangilangan Damas xarid qilishga arziydimi
Foto: Avtoe’lon You Tube / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda yillar davomida eng ommabop va eng ko‘p ishlatilgan avtomobillardan biri bo‘lib kelgan Damas endi butunlay yangi bosqichga chiqmoqda. Avtoe’lon tomonidan tayyorlangan videoda yangilangan Damas modelining texnik xususiyatlari va imkoniyatlari o‘rganildi. «Kursiv» video asosida maqola tayyorladi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Ikki xil yo‘nalish: yo‘lovchi va yuk tashish

Foto: You Tube

Yangilangan model O‘zbekistonda ikki asosiy turda taklif etiladi. Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Chevrolet Damas Move va yuk tashish uchun mo‘ljallangan Chevrolet Damas Van. Ushbu yondashuv avtomobilni faqat oilaviy emas, balki tijorat maqsadlari uchun ham mos qiladi. Aynan shu omil Damas’ni kichik biznes egalari uchun ham dolzarb avtomobilga aylantirmoqda.

Texnik bazadagi eng muhim o‘zgarishlar

Foto: You Tube

Avtomobilning yuragi sezilarli darajada yangilangan. 1,5 litrli dvigatel 103 ot kuchiga ega bo‘lib, 140 Nm aylantirish momentini taqdim etadi. Bu eski Damas bilan solishtirganda katta farq hisoblanadi. Yozgi issiqda ham motor va salon barqaror ishlashi qayd etiladi. Elektron rul kuchaytirgichi boshqaruvni ancha yengillashtirgan. Endi rulni bitta qo‘l bilan ham bemalol boshqarish mumkin, bu esa shahar sharoitida katta qulaylik beradi.

Boshqaruv

Foto: You Tube

Avtomobilning osmalari klassik Damas sxemasida qolgan bo‘lsa-da, sozlamalar yaxshilangan. Old tomonda Makferson turidagi osma, orqa tomonda esa ressorli qattiq ko‘prik saqlanib qolgan. Natijada avtomobil notekis yo‘llarda sakramaydi va chuqurchalarni yutish darajasi ancha yaxshilangan. Shu jihati bilan u nafaqat shahar ichida, balki viloyatlararo qatnovlar uchun ham mos keladi.

Salon va qulayliklarga yondashuv

Foto: You Tube

Salon dizayni soddaligi bilan ajralib turadi. Old panel qattiq plastikdan ishlangan, biroq yuqori komplektatsiyada rang tanlovi yanada yoqimli. Asboblar panelida analog spidometr va elektron axborot tablosi mavjud. Magnitola FM radiosini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq Bluetooth’ning yo‘qligi ayrim haydovchilarni ranjitishi mumkin.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri o‘rindiqlarga bog‘liq. Endi old va orqa o‘rindiqlar to‘rt yo‘nalishda sozlanadi. Orqa qator yo‘lovchilari uchun alohida konditsioner va qo‘shimcha oynacha bor. Ba’zi komplektatsiyalarda ikkinchi qatorda alohida ikkita o‘rindiq o‘rnatilgan. Bu uzoq safarlarda qulaylikni sezilarli darajada oshiradi.

Xavfsizlik darajasi

Yangilangan Damas’da xavfsizlik bo‘yicha jiddiy siljish bor. Old o‘rindiqlarda haydovchi va yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari paydo bo‘lgan. ISOFIX tizimi bolalar o‘rindiqlari uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, ABS, EBD va elektron barqarorlikka oid tizimlar joriy etilgan. Zavoddan markaziy qulflash va o‘g‘rilikka qarshi tizim bilan chiqishi ham muhim yangilik hisoblanadi.

Tashqi ko‘rinishdagi yangiliklar

Tashqi dizaynda eng katta farq radiator panjarasida ko‘rinadi. U nikel bilan qoplangan bo‘lib, avtomobilga yanada jiddiy ko‘rinish beradi. Old faralar galogen bo‘lib qolgan, ammo burilish chiroqlari diodli. Yuqori komplektatsiyalarda 14 dyumli quyma disklar qo‘llanilgan. Tumanga qarshi chiroqlar ham faqat maksimal variantlarda mavjud.

Foto: You Tube

Yangilangan Chevrolet Damas endi faqat minimal ehtiyojlar uchun emas, balki qulaylik, xavfsizlik va ko‘p funksionallikni qidirayotgan xaridorlar uchun ham real tanlovga aylanmoqda. Avvalgi sodda Damas’ga nisbatan u ancha uzunroq, kengroq va balandroq.

Yangi DAMAS Move - bu siz tanigan Damas emas / Avtoelon.uz

Eslatrib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas haydovchilarida qanday kasalliklar kuzatilishi haqida yozgan edi.