2025-yilda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayib, o‘lim soni oshdi

2026-yilning 1-yanvar holatiga Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 236 mingdan ortiq kishini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga koʻpaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
2025-yil yanvar-dekabr oylarida tugʻilganlar soni 879,6 ming nafarni, vafot etganlar 177,1 ming nafarni tashkil etib, tabiiy oʻsish 702,5 ming kishiga teng boʻldi. Mamlakatga xorijiy davlatlardan ko‘chib kelganlar soni 1159 kishini va mamlakatdan xorijga koʻchib ketganlar soni 10 ming 117 kishini, qayd etilgan nikohlar 267,1 mingtani, nikohdan ajralishlar 46,9 mingtani tashkil etgan.
Respublikada o‘tgan yili qayd etilgan tirik tugʻilganlar soni 879,6 ming kishini, har ming aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 23,2 promilleni tashkil etdi. Tug‘ilganlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 46,8 ming nafarga kamaygan. Vafot etganlar soni 177,1 ming kishini, har ming aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etdi. Vafot etganlar soni 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida 2024-yilning mos davriga nisbatan 2,7 ming nafarga ko‘paygan.
O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 267,1 ming birlikni, shundan shahar joylarida 132,6 ming birlikni (49,7 foiz), qishloq joylarida 134,5 ming birlikni (50,3 foiz) tashkil etdi. Respublikada nikohdan ajralishlar soni 46,9 ming birlikni, shundan shahar joylarida 28,2 ming birlikni (60,1 foiz), qishloq joylarida 18,7 ming birlikni (39,9 foiz) tashkil qildi.
Avvalroq «Kursiv» Xitoyda to‘rtinchi yil ketma-ket aholi soni kamayishi kuzatilgani haqida yozgandi.