Yangiliklar

2040-yilgacha yangi uy-joylar qurilishi yiliga 280 ming xonadonga yetkaziladi

2027-yilda 150 ming, 2028-yilda esa 160 ming xonadon quriladi
Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - photo_2026-02-03_19-59-47-1024x682.jpg
2040-yilgacha yangi uy-joylar qurilishi yiliga 280 ming xonadonga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida so‘nggi 8 yilda mamlakatda 120 mln/kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu davr mobaynida 541 ming nafar fuqaroga arzon ipoteka kreditlari va subsidiyalar orqali 103 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi hajmlari

Qurilish ishlari kengayishi qurilish materiallari sanoatining rivojiga turtki berib, hududlar rivojida «drayver» vazifasini bajardi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi. Har yili respublikada 200 mingga yaqin yangi oila tashkil topishi uy-joy, yo‘l va ijtimoiy infratuzilma talabini yanada oshiradi. Shu bilan birga, aholining bir kishi boshiga o‘rtacha 18,9 kvadrat metr turar joy maydoni to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkichni kamida 23 kvadrat metrga yetkazish uchun 2040-yilgacha yangi uy-joy qurilishini yiliga 280 ming xonadonga yetkazish zarur.

Foto: President.uz

Yangi boshqaruv tizimi va rejalashtirish

Urbanizatsiya sohasida boshqaruv yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yilib, alohida qo‘mita tashkil etildi. Unga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi topshirildi: 2026-yilda 140 ming, 2027-yilda 150 ming va 2028-yilda 160 ming xonadon qurish rejalashtirilgan.

Yer resurslaridan samarali foydalanish va renovatsiya

Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Aholi punktlari tartibsiz kengayishi kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, renovatsiya ulushini hozirgi 15 foizdan 2040-yilga qadar 60 foizga yetkazish va «Yangi O‘zbekiston» massivlarini 120 taga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Foto: President.uz

Ruxsatnoma jarayonlari va «qurilishga tayyor yer» tizimi

Hozirgi qurilish ruxsatlarini olish jarayonlari 9 bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90 – 120 kunni tashkil qiladi. Xalqaro amaliyotda esa «qurilishga tayyor yer» mexanizmi orqali bu vaqt 7 – 15 kungacha qisqartirilgan. Mamlakatimizda ham ushbu tizim joriy etilishi taklif qilindi, bu orqali tadbirkorlar auksionda yerni yutib olgandan so‘ng qo‘shimcha hujjat yig‘masdan barcha ruxsatlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega bo‘ladi.

Sifat, loyiha va raqamli texnologiyalar

Qurilish sifati loyiha hujjatlariga bog‘liq. Shu maqsadda «ToshboshplanLITI», «O‘zshaharsozlikLITI», «O‘zGAShKLITI» va «Qishloq qurilish loyiha» tashkilotlari faoliyatini tubdan yaxshilash, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish lozimligi ta’kidlandi. Urbanizatsiya va uy-joy qurilishini rejalashtirishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish taklif qilindi: bosh va master rejalarning yagona ma’lumotlar bazasi, «Yer banki», ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, «eskrou» tizimi va quruvchilar reytingi kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgargani haqida xabar joylagan edik.