AQSh va Hindiston savdo kelishuvi: bojxona stavkalari pasaytirildi

AQSh va Hindiston o‘rtasida yangi savdo kelishuviga erishildi. Hindiston mahsulotlariga qo‘llaniladigan AQSh bojxona stavkalari 50% dan 18% gacha pasaytirildi. Buning evaziga Hindiston Rossiya nefti sotib olishni to‘xtatadi va savdo to‘siqlarini kamaytiradi.
AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuvni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qilgandan so‘ng e’lon qildi. Hindiston endi neftni AQShdan sotib oladi va texnologiya, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va energiya resurslarini xarid qiladi.
Kelishuv xabari e’lon qilinishi bilan AQShda ro‘yxatga olingan Hindiston kompaniyalarining aksiyalari ko‘tarildi. Masalan, Infosys 4,3%, Wipro 6,8%, HDFC Bank 4,4% ga oshdi, iShares MSCI India ETF esa 3% ko‘tarildi.

Tramp Hindistonning AQShga nisbatan bojxona va bojxona bo‘lmagan to‘siqlarini nolga tushirishini ta’kidladi. Hindistonning bojxona stavkalari 15–19% oralig‘ida bo‘lib, Osiyodagi tengdosh mamlakatlarga yaqinlashadi.
Ma’lumot uchun, Hindiston Rossiya neftini qisqartirishni boshlagan. Yanvarda kuniga 1,2 mln barrel sotib olgan bo‘lib, fevralda 1 mln barrelga, martda esa 800 ming barrelga tushishi kutilmoqda
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda Yevropa avtomobillari uchun bojlar 40 foizgacha tushirilishi haqida xabar bergan edik.